“Ilm Sarchashmalari” jurnali haqida qisqacha ma'lumot
“Ilm sarchashmalari” jurnali 2001-yildan al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti muassisligida nashr qilina boshlagan. Shu yili jurnal har uch oyda bir marta, ya’ni yiliga 4 marta nashr qilingan. Jurnalni yiliga 4 marta nashr qilish to 2009-yilgacha davom etgan.
2009 ‒ 2010-yilari jurnal har ikki oyda bir marta nashr qilina boshladi. 2012-yildan jurnal, dastlab, A-5 formatda har oyda bir marta nashr qilina boshladi. Hozirda jurnal A-4 formatda har oyda bir marta 250 sahifada chop etilmoqda.
Dastlab, jurnalda tabiiy fanlar, aniq fanlar va ijtimoiy-gumaitar fanlar bo‘yicha turli mavzularda maqolalar chop qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda jurnalda “Fizika-matematika”, “Falsafa”, “Tilshunoslik”, “Adabiyotshunoslik”, “Pedagogika”, “Axborot texnologiyalari”, “Jurnalistika”, “Ilmiy axborot”, “Fanimiz zaxmatkashlari” “Tanqid va taqriz” kabi qator ruknlar ostida maqolalar chop qilinmoqda.
2009-yilning oktabr oyigacha jurnalga filologiya fanlari doktori, professor Jumaboy Yusupov muharrirlik qilgan. Uning vafotidan keyin filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ro‘zimboy Yo‘ldoshev jurnal bosh muharriri qilib tayinlandi.
O‘tgan yillar davomida jurnalimizning ilmiy salohiyati va tahririy faoliyati izchil rivojlanib, tahrir hay’ati tarkibi yanada mustahkamlandi.
Bugungi kunda tahrir hay’ati safida, asosan, fan doktorlari, professorlar faoliyat yuritib, jurnalning ilmiy saviyasi va nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mazkur ijobiy o‘zgarishlar jurnal faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy maqolalar sifatini yanada takomillashtirish hamda mualliflar uchun qulay ilmiy platforma yaratishga xizmat qilmoqda.
Jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining FILOLOGIYA, FALSAFA, FIZIKA-MATEMATIKA hamda PEDAGOGIKA fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrdir.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020-yil 11-noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan GUVOHNOMА № 1131.
🌍 Jurnalimizning ilmiy geografiyasi yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bugungi kunda jurnal sahifalarida O‘zbekistonning barcha hududlaridagi ilmiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalari tadqiqotchilarining dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalari muntazam chop etib kelinmoqda.
Shuningdek, jurnal xalqaro ilmiy hamkorlik maydoniga ham faol kirib borib, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Polsha va Litva kabi davlatlar olim va tadqiqotchilarining ilmiy maqolalarini ham e’lon qilib kelmoqda.
Mazkur xalqaro ilmiy hamkorlik jurnalning nufuzi, ilmiy salohiyati va akademik qamrovini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.